Oʻzbekistonda barcha hududlarda yagona migratsiya markazlari tashkil etiladi
2027 yilda Oʻzbekiston hududlarida yagona migratsiya markazlarini ochish rejalashtirilmoqda. Ularning har birini tashkil etishga 8 mlrd soʻmdan ajratish koʻzda tutilgan.

2 noyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda Shavkat Mirziyoyev fuqarolarni xorijda ishga joylashtirishni tashkil etish borasida elchixonalar, hokimliklar va taʼlim muassasalari faoliyatini tanqid qildi. Jumladan, 2026 yilda Germaniya Oʻzbekistondan 45 ming nafar mutaxassisga ariza yuborgan, biroq ulardan atigi 2 ming nafari ishga joylashgan. Buning sabablaridan biri nemis tilini biladigan nomzodlar yetishmagani boʻlgan.
Muammoni hal qilish uchun 2027 yilda maktab va texnikumlarga nemis tilining 500 nafar ona tilida soʻzlashuvchisini jalb qilish, oʻqituvchilar tayyorlashni koʻpaytirish hamda 20 ta texnikum dasturlarini xorijiy ish beruvchilar talablariga moslashtirish rejalashtirilmoqda.
Yigʻilishda Buyuk Britaniyada ishga joylashish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, u yerda 33 ming nafar ishchiga talab mavjud. Prezident xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni faolroq rivojlantirish va xalqaro mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda mutaxassislar tayyorlashni topshirdi.

