Oʻzbekistonda biznesga mutaxassislarni oʻqitish uchun soliq imtiyozlari taklif etiladi
Tadbirkorlar texnikumlarni boshqarishi, kadrlar tayyorlash xarajatlari uchun soliq chegirmalaridan foydalanishi va bitiruvchilarni xorijda ishga joylashtirgani uchun grantlar olishi mumkin boʻladi. Yangi choralar kasbiy taʼlimni rivojlantirish va mehnat resurslari eksportiga qaratilgan.

Mehnat migratsiyasi masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda prezident Shavkat Mirziyoyev malakali mutaxassislar tayyorlashga biznesni faolroq jalb etishni taklif qildi. Yirik tadbirkorlarga har bir hududda 15 yil muddatga ikki-uchtadan texnikumni boshqaruvga berish rejalashtirilmoqda. Har yili u yerda kamida 30 ming kishini oʻqitish koʻzda tutilgan.
Tadbirkorlarga taʼlim va uskunalar xaridiga sarflangan mablagʻlarni soliqlarni toʻlashda hisobga olishga ruxsat beriladi. Shuningdek, xorijda ish topgan bitiruvchilar uchun grantlar ajratilishi rejalashtirilgan.
Alohida qoʻllab-quvvatlash choralari xususiy bandlik agentliklariga ham taalluqli boʻladi. Kelasi yildan fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish vazifasini ularga topshirish rejalashtirilmoqda. Yuqori maoshli ishga joylashtirilgan har bir kishi uchun agentliklar 1,5 mln soʻm oladi. Ularning faoliyati ishga joylashtirish natijalari, xodimlar huquqlariga rioya etilishi va mehnat sharoitlari asosida baholanadi.
Yangi choralarni amalga oshirish boʻyicha hujjat loyihasini bir oy ichida tayyorlash topshirildi.



