Oʻzbekistondagi startaplar $5 mlnlik fonddan sarmoya olish uchun kurashishlari mumkin
2027-yil aprelidan Oʻzbekiston har yili $5 mlnlik jamgʻarmaga ega Land of Startups tanlovini oʻtkaza boshlaydi. 25 nafar gʻolib tekshiruvdan soʻng $200 minggacha mablagʻ olishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi xalqaro Land of Startups tanlovini oʻtkazishni tasdiqladi. Uning maqsadi Oʻzbekistonga xorijiy startaplar va ularning asoschilarini jalb qilish, texnologiyalar transferini tezlashtirish hamda mamlakatning mintaqaviy startap-xab sifatidagi rolini kuchaytirishdan iborat.
Ishtirokchilar besh yoʻnalishda bellashadi: sunʼiy intellekt; taʼlim, sogʻliqni saqlash va davlat xizmatlari uchun raqamli yechimlar; moliyaviy texnologiyalar; kreativ industriyalar hamda kompyuter va mobil oʻyinlar ishlab chiqish; biznes va sanoat uchun yechimlar.
25 ta gʻolib jamoaning har biri IT Park direksiyasi huzuridagi venchur fonddan $200 minggacha sarmoya olishga daʼvogarlik qilishi mumkin. Mablagʻlar loyiha va jamoani kompleks tekshirish — due diligence — jarayonidan soʻng ajratiladi.
Qaror IT Park faoliyati qoidalarini ham oʻzgartiradi. Avtomatlashtirish sohasida rezidentlar ishlab chiqqan hisobga olish va oʻlchash vositalarini soliq organlarining axborot tizimlari bilan majburiy integratsiya qilish talabi bekor qilinadi.
IT Park direksiyasi endilikda soliq va statistik hisobotlarni topshirishi, shuningdek, axborot texnologiyalari boʻyicha oʻtkazilgan oʻquv kurslari haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishi shart boʻlmaydi.
Rezidentlar uchun ruxsat etilgan yoʻnalishlar roʻyxatiga buyumlar interneti va sunʼiy intellekt qurilmalarini, mikro va nanoelektronika mahsulotlarini, intellektual robotlarni ishlab chiqarish hamda sotish qoʻshiladi. Roʻyxatda biznes farishtalari klublari faoliyati ham paydo boʻladi.
Yana oʻqing

Shopify aksiyalari tushum va savdo hajmi prognozdan ortda qolgach, 8,74% tushdi
Oʻz biznesi16:00
Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi va EUROUZ memorandum imzoladi
Oʻz biznesi13:57


