Onodera Group Oʻzbekiston fuqarolarini Yaponiyada ishlashga tayyorlashga yordam beradi
Toshkent viloyatida oʻzbekistonliklarni Yaponiyada ishlashga tayyorlash masalasi muhokama qilindi. Onodera Group oʻqish davrida qatnashchilarni bepul oziq-ovqat va turar joy bilan taʼminlamoqchi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Yaponiyaning Onodera Group korporatsiyasi vakillari bilan Oʻzbekiston fuqarolarini Yaponiyada ishlashdan oldin kasbiy tayyorgarlikdan oʻtkazish dasturini muhokama qildi. Tomonlar, shuningdek, haydovchilarni tayyorlash hamda buning uchun infratuzilma yaratish masalalarini koʻrib chiqdi.
Rejaga koʻra, tayyorgarlik davomida nomzodlar bepul oziq-ovqat va turar joy bilan taʼminlanadi. Kompaniya, shuningdek, vizalarni rasmiylashtirish, ishga joylashishga koʻmaklashish va nomzodlar Yaponiyaga kelganidan keyin ularning uy-joy masalalarini hal etishni rejalashtirmoqda.
Boʻsh ish oʻrinlarini muhokama qilish uchun viloyatga Yaponiyaning 17 ta kompaniyasi vakillari kelishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Yaponiyaning yoʻl harakati qoidalarini hisobga olgan holda avtodrom hamda haydovchilarni tayyorlaydigan kollej tashkil etish taklif qilindi. Avtobus haydovchilarini Yaponiyaga uch oylik kurslarga yuborish rejalashtirilmoqda, yangi taʼlim markazi esa yiliga 200 nafargacha kishini oʻqitishi mumkin.




