Asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida qoldirildi
Markaziy bank 4 noyabrdagi yigʻilishda ichki talab va energiya narxlari bilan bogʻliq xatarlar sabab asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida qoldirdi.

Regulyator ogohlantirdi: saqlanib qolayotgan ishbilarmonlik faolligi narxlar oʻsishini tezlashtirishi mumkin. Sentabr yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 6,4 foizga yetdi. Sabablar qatorida meva, sabzavot, yoqilgʻi va ayrim xizmatlar narxining oshgani qayd etildi.
Aholi va biznesning inflyatsiyaga oid kutilmalari pasayishda davom etdi. Shu bilan birga, jahon oziq-ovqat narxlaridagi tebranishlar va energetika bozorlaridagi noaniqlik import, ishlab chiqarish hamda transport xarajatlari orqali ichki narxlarga taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekiston iqtisodiyoti 8,3 foizga oʻsdi. Uning oʻsishini sanoat, qurilish va xizmatlar taʼminladi. Asosiy stavkani qayta koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilish 16 dekabr kuni boʻlib oʻtadi.





