Oʻzbekiston va Yaponiya ishga joylashish uchun kadrlar tayyorlashni muhokama qildi
Yangiyoʻlda yoshlar yapon tilini oʻrganib, Yaponiyada ishlashga, jumladan, haydovchilik guvohnomasini olishga tayyorlanadigan maskan ochish rejalashtirilmoqda.

Yangiyoʻlda 1-son texnikum huzurida oʻquv maskani tashkil etish taklif qilindi. Loyiha Yaponiyaning Onodera User Run Co., Ltd. kompaniyasi bilan muhokama qilinmoqda. Texnikumga Toshkent viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Otabek Tursunov, Yangiyoʻl hokimi Ravshan Raimov va kompaniya vakillari tashrif buyurdi. Ular muassasaning jihozlanishi hamda mashgʻulotlar oʻtkazish sharoitlari bilan tanishdi.
Boʻlajak tinglovchilarga yapon tilini oʻrgatish, shuningdek, B, C va D toifalaridagi haydovchilik guvohnomasini olish imtihonlariga tayyorlash rejalashtirilmoqda. Xabarga koʻra, mazkur toifalar Yaponiyada ishga joylashishda talabga ega.
Tashrif Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Intil” xalqaro til va kasb-hunar taʼlimi markazi faoliyati bilan tanishib, mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazganidan keyin boʻlib oʻtdi. Yigʻilish yakunida hududlarga yagona migratsiya markazlarini tashkil etish topshirildi.
Kutilishicha, loyiha yoshlarga kasb-hunar taʼlimi olish va xorijiy tillarni oʻzlashtirish uchun koʻproq imkoniyat yaratadi, shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolarining xorijda qonuniy ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Yana oʻqing

Oʻzbekiston texnikumlari oʻquvchilari 2026-yildan Work and Travel dasturida qatnasha oladi
Xorijda4-noyabr, 16:39
Onodera Group Oʻzbekiston fuqarolarini Yaponiyada ishlashga tayyorlashga yordam beradi
Xorijda3-noyabr, 11:45


