Mask olti-etti nafar yoʻlovchiga moʻljallangan rul va pedallarsiz Model Yʼni anons qildi
Tesla olti-etti kishini tashishga moʻljallangan, toʻliq avtonom boshqariladigan Model Y versiyasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Ilon Maskning aytishicha, avtomobil rul va pedallarsiz boʻladi hamda oilaviy va guruh boʻlib safarlarda ikki oʻrinli Cybercabʼni toʻldiradi.

Tesla rahbari kompaniyaning bu rejalari haqida 18 noyabr kuni New York Times DealBook sammitida videomuloqot orqali chiqish qilarkan, maʼlum qildi. U kattaroq sigʻimli avtonom Model Y butun bir oila yoki kichik yoʻlovchilar guruhini tashishga imkon berishini aytdi. Ishlab chiqarishni boshlash muddati, narxi va salonning yakuniy joylashuvini Mask oshkor qilmadi.
Yangi modifikatsiya toʻliq avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga tayanishi kerak. Rul va pedallarning yoʻqligi yoʻlovchilar avtomobilni odatdagi usulda mustaqil boshqara olmasligini anglatadi.
Mavjud Model Y avtomobillari qoʻlda boshqarish organlari bilan jihozlangan, FSD kompleksidan foydalanish esa haydovchining eʼtiborli boʻlishini va zarur boʻlsa boshqaruvga aralashishga tayyor turishini talab qiladi. Shu sababli eʼlon qilingan loyiha koʻzda tutilgan foydalanish sharoitlarida barcha haydash vazifalarini avtomobilning mustaqil ravishda bajarishiga oʻtishni nazarda tutadi.
Tesla qatorida allaqachon rul va pedallarsiz ishlab chiqilgan, haydovchisiz tashuvlar uchun moʻljallangan ikki oʻrinli Cybercab bor. Kattaroq Model Y ikki oʻrindiq yetarli boʻlmagan safarlar uchun tanlov imkoniyatlarini kengaytirishi kerak.
Avvalroq Mask Cybercabʼning ikki oʻrinli joylashuvini avtomobildagi safarlarning qariyb 90 foizida bir yoki ikki kishi qatnashishi bilan izohlagan edi. Sigʻimliroq model qolgan holatlarga — avvalo birga safar qilishi muhim boʻlgan oilalar va guruhlarni tashishga moʻljallangan.
Hozircha Tesla haydovchisiz Model Yʼning batafsil xususiyatlarini taqdim etmadi. Oʻrindiqlarning joylashuvi, dastlabki ishga tushirish bozorlari va foydalanishga ruxsat berish shartlari ham oshkor qilinmagan. Maskning bayonoti kompaniya rejalarini ifodalaydi; seriyali avtomobil qachon paydo boʻlishi nomaʼlumligicha qolmoqda.
Yana oʻqing

BYD Whale miniveni 2026-yilgi Guanchjou avtosalonida ilk bor 900 km yurish zaxirasi bilan namoyish etildi
Avto10:20
Elektromobil narxidagi robot: Xpeng androidlarini qancha narxda sotishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi
Avto26-noyabr, 17:03


