Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Juma, 27-noyabr 2026-yil
Texnologiyalar. Fan. Avto.
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Ilm-fan

Neuralink FDAʼdan BAS bilan kasallangan bemorlarda neyroimplantning muhim sinovini oʻtkazishga ruxsat oldi

Neuralink kompaniyasi LINK nomli muhim klinik tadqiqotni oʻtkazish uchun FDAʼdan ruxsat oldi. Unda neyroimplantning xavfsizligi va yonlama amiotrofik skleroz sabab yuzaga kelgan ogʻir falajlik bilan yashayotgan odamlarga miya signallari yordamida raqamli qurilmalarni boshqarishda koʻmaklashish qobiliyati tekshiriladi.

26-noyabr, 15:52По-русски

Read in English

engadget.com

AQSh Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari sifatini nazorat qilish boshqarmasi (FDA) bergan ruxsat haqida Ilon Mask kompaniyasi 25 noyabr kuni maʼlum qildi. Neuralink LINKʼni AQShda implantatsiya qilinadigan «miya — kompyuter» interfeysi boʻyicha bunday turdagi ilk tadqiqot deb atamoqda. Pivotal maqom sinov texnologiyani keyinchalik tartibga solish boʻyicha baholash uchun muhim maʼlumotlar taqdim etishi kerakligini anglatadi. Olingan ruxsat tadqiqotni oʻtkazish imkonini beradi, biroq qurilmani tijoriy sotuvga chiqarishga hali ruxsat berilganini anglatmaydi.

Tadqiqot ishtirokchilari yonlama amiotrofik skleroz, yaʼni BAS bilan kasallangan bemorlar boʻladi. Bu rivojlanib boruvchi neyrodegenerativ kasallik ixtiyoriy harakatlar uchun masʼul nerv hujayralarini zararlaydi. Kasallik kuchaygani sari inson harakatlanish va gapirish qobiliyatidan mahrum boʻlishi mumkin. Neyrointerfeysning maqsadi kasallikning oʻzini davolash emas, balki muloqot qilish va qurilmalarni boshqarish imkoniyatini tiklashdir.

Neuralink tizimida bosh suyagiga jarrohlik yoʻli bilan oʻrnatiladigan N1 implantidan foydalaniladi. R1 roboti miyaga harakat qilish niyati bilan bogʻliq neyron faolligini qayd etadigan ingichka, egiluvchan elektrodlarni kiritadi. Dasturiy taʼminot bu signallarni kompyuter yoki boshqa raqamli qurilma uchun buyruqlarga aylantiradi. Bunday yondashuv klaviatura, sichqoncha va boshqa jismoniy boshqaruv vositalarisiz ishlash imkonini beradi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Tadqiqotchilar texnologiya ishtirokchilarga kundalik vazifalarni bajarishda va mustaqilroq boʻlishda qanchalik yordam berishini baholaydilar. Tizimning uzoq muddatli xavfsizligi va ishonchliligiga alohida eʼtibor qaratiladi. Sinovni bir nechta klinik markazda oʻtkazish rejalashtirilgan.

Yangi ish Neuralinkʼning dastlabki tadqiqotlarini davom ettiradi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, AQSh, Kanada va Buyuk Britaniyada 30 nafardan ortiq ishtirokchiga implant oʻrnatilgan. Ular neyrointerfeysdan real sharoitlarda foydalanish boʻyicha minglab soatlik tajriba toʻplagan.

BAS bilan kasallangan, avval taqdim etilgan ishtirokchilardan biri Bredford Smit boʻlgan. Oʻtgan yili Neuralink uning muloqot qilish uchun miya signallaridan qanday foydalanayotganini koʻrsatgan. Bunday alohida natijalar tizim imkoniyatlarini namoyish etadi, biroq kengroq miqyosdagi sinov samaradagi barqarorlikni va implantatsiya bilan bogʻliq xavflarni baholashga yordam berishi kerak.