Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Juma, 27-noyabr 2026-yil
Texnologiyalar. Fan. Avto.
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Ilm-fan

Olimlar koinot avval oʻylangandan ikki baravar eski boʻlishi mumkinligini aytmoqda

Ottava universiteti tadqiqotchisi koinot 26,7 mlrd yil boʻlishi mumkinligini ilgari suruvchi modelni taklif qildi. Model qorongʻu materiya va qorongʻu energiyasiz ham ishlaydi.

15-noyabr, 15:49По-русски

Read in English

NASA, ESA, CSA, STScI, Webb ERO Production Team / Wikimedia Commons

CCC+TL modelini fizika boʻyicha adʼyunkt-professor Rajendra Gupta va doktorant Nikolaos Samaras ishlab chiqdi. Ular soʻnggi ikki yil davomida modelning asosiy astronomik kuzatuvlarga mosligini tekshirdi.

Ushbu yondashuv gravitatsiya va koinot kengayishi haqidagi tasavvurlarni oʻzgartiradi: modelga koʻra, fizik konstantalar asta-sekin oʻzgaradi, yorugʻlik esa tarqalish vaqtida energiyasini yoʻqotadi. Shu sababli uzoqdagi obyektlardan kelayotgan nurlanish Yerga standart model taxmin qilganidan koʻproq vaqtda yetib keladi, koinotning hisoblangan yoshi esa 26,7 mlrd yilgacha oshadi.

Kompyuter modellashtirish modelning Katta portlashdan keyin hosil boʻlgan vodorod va geliy nisbatiga, shuningdek, koinot kengayishi tarixiga mos kelishini koʻrsatdi. Tadqiqotchilar CCC+TL qorongʻu materiyasiz 175 ta galaktikadagi yulduzlar va gaz harakatini tushuntirishini maʼlum qildi. Guptaning soʻzlariga koʻra, jamoa modelni relikt nurlanish maʼlumotlari asosida ham tekshirgan, biroq bu tekshiruv natijalari hali eʼlon qilinmagan.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Mualliflar oʻz yondashuvi «Uebb» teleskopi kuzatuvlarini tushuntirishi mumkin, deb hisoblaydi: ayrim ilk galaktikalar taxmin qilinayotgan yoshiga nisbatan haddan tashqari yirik va rivojlangan koʻrinadi. Koinot yoshi kattaroq boʻlgan taqdirda, ularning oʻsishi uchun koʻproq vaqt boʻlgan boʻlardi.

Tadqiqot Monthly Notices of the Royal Astronomical Society jurnalida eʼlon qilindi. Shunga qaramay, CCC+TL hozircha umumqabul qilingan kosmologiyaning bir qismiga aylangani yoʻq: jamoaning ayrim ishlari taqrizdan oʻtmoqda, standart ΛCDM modeli esa hamon keng doiradagi kuzatuvlarni tavsiflaydi. Olingan natijalarni boshqa olimlar, jumladan, «Uebb»ning boʻlajak kuzatuvlari yordamida mustaqil tekshirishi kerak.