Sizib chiqqan maʼlumot Intel Core Ultra 4000’ning yetti protsessori xususiyatlarini ochdi
Kvalifikatsion namunalar hujjatida yettita desktop Intel Core Ultra 4000 protsessori tasvirlangan: flagman Core Ultra 9 4970K BFC 28 ta yadro, 144 MB kesh va 5,5 GHz chastotaga ega boʻladi.

Nova Lake-S qatoriga Core Ultra 9 4970K BFC, 4950K va 4900 BFC, shuningdek, ikkita Core Ultra 7 va ikkita Core Ultra 5 modeli kiradi. Yuqori modelda sakkizta unumdor, 16 ta energiya tejamkor va toʻrtta kam quvvat sarflovchi yadro boʻladi, isteʼmol quvvati esa 125 Vtni tashkil etadi.
Core Ultra 9 4950K uchun 28 ta yadro, 36 MB kesh, 5,4 GHz chastota va 125 Vt quvvat koʻrsatilgan. Core Ultra 9 4900 BFC 22 ta yadro, 120 MB kesh va 5,3 GHz chastotaga ega boʻladi, uning quvvati esa 65 Vtni tashkil etadi. Core Ultra 7 seriyasidagi 4870K BFC va 4850K modellarining har birida 24 tadan yadro va 5,2 GHz chastota boʻladi; kesh hajmi esa mos ravishda 144 va 36 MBni tashkil etadi.
Core Ultra 5 4650K va 4650KF modellarining har birida 22 tadan yadro, 30 MB kesh va 5,1 GHz chastota boʻladi. Core Ultra 9 4900 BFCʼdan tashqari, qolgan modellar kabi, ularning quvvati ham 125 Vtni tashkil etadi.
Yettala protsessor ham DDR5-8000, 256 GB gacha tezkor xotira, 24 tagacha PCIe liniyasi va unumdorligi 77 TOPS boʻlgan oʻrnatilgan neyroprotsessorni qoʻllab-quvvatlaydi. Platforma taqdimoti 2027-yil 22–25-fevral kunlari Berlinda kutilmoqda, platalar esa, ehtimol, undan oldin CES 2027 koʻrgazmasida namoyish etiladi. Maʼlumotlar kvalifikatsion namunalar hujjatidan olingan, shu sababli xususiyatlar oʻzgarishi mumkin.





