Turkiy investitsiya jamgʻarmasi Turkiyada ilk bitimini amalga oshirdi
Turkiy investitsiya jamgʻarmasi Şekerbankning $170 mlnlik sindikatlangan kreditiga $10 mln yoʻnaltiradi. Mablagʻ kichik biznes va barqaror qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlaydi.

Bitim 2026-yil 9-noyabr kuni Istanbulda eʼlon qilindi. Kredit muddati besh yil boʻlib, unda talablarni ustuvor qondirish huquqi koʻzda tutilgan. Moliyalashtirishni Niderlandiya tadbirkorlikni rivojlantirish banki (FMO) tashkil etdi.
Mablagʻni Turkiyaning Şekerbanki oladi. Bank bu mablagʻni qishloq joylarda faoliyat yuritadigan, transchegaraviy savdo va xizmatlar bilan shugʻullanuvchi mikro-, kichik va oʻrta korxonalarga kredit berishga yoʻnaltiradi. Yana bir yoʻnalish — ayollar egalik qiladigan yoki boshqaradigan kompaniyalar. Moliyalashtirishning bir qismi barqaror qishloq xoʻjaligi va yashil oʻtish uchun moʻljallangan.
Sindikat tarkibiga yettita xalqaro taraqqiyot instituti va investor kirdi: FMO, Proparco, Avstriya taraqqiyot banki (OeEB), Finnfund, Turkiy investitsiya jamgʻarmasi, BlueOrchard mikromoliya jamgʻarmasi (BOMF) va responsAbility Investments AG.
Jamgʻarma bosh direktori Ramil Babayev bu bitim tashkilotning Turkiyadagi ilk operatsiyasi ekanini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, moliyalashtirishdagi ishtirok moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi va jamgʻarmada ishtirok etuvchi mamlakatlarning iqtisodiy integratsiyasini qoʻllab-quvvatlaydi. TIJ mablagʻlari transchegaraviy savdo olib boradigan, xizmatlar koʻrsatadigan, biznesini kengaytiradigan yoki ushbu davlatlardagi hamkorlari bilan qoʻshma korxonalar tashkil etadigan Şekerbank mijozlari uchun moʻljallangan.
Turkiya TIJga asos solgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Jamgʻarma mikro-, kichik va oʻrta korxonalar, infratuzilma, qayta tiklanuvchi energetika, qishloq xoʻjaligi, transport, logistika va transchegaraviy savdoni moliyalashtiradi. U koʻpincha loyihalarda koʻp tomonlama taraqqiyot banklari bilan birgalikda ishtirok etadi.





