Intel 18A texprotsessida yaroqli kristallar chiqishini 70 foizgacha oshirdi
Intel 18A texprotsessida yaroqli kristallar chiqishi 70 foizga yetganini maʼlum qildi. Microsoft bir necha yil davomida kompaniyaning server Xeon protsessorlari uchun ishlab chiqarish quvvatlarini band qiladi.

Intel 18A texprotsessida yaroqli kristallar chiqishi oshgani va Microsoft bilan uzoq muddatli kelishuv tuzilganini eʼlon qildi. TomorrowX konferensiyasida Intel bosh direktori Lip-Bu Tan kompaniyaga kelganidan soʻng bu koʻrsatkich nihoyatda past darajadan 70 foizgacha oshganini aytdi.
18A texprotsessi 1,8 nm sinfiga kiradi. Undan Panther Lake seriyasidagi Core Ultra 300 protsessorlarining hisoblash kristallari, shuningdek, Clearwater Forest server Xeon 6+ protsessorlarini ishlab chiqarishda foydalaniladi. Ushbu chiplar koʻp kristalli komponovka va Foveros Direct uch oʻlchamli yigʻish texnologiyasi asosida yaratiladi.
Kelishuvga koʻra, Microsoft Intelʼning ishlab chiqarish quvvatlarini, jumladan, kelajakdagi Diamond Rapids protsessorlari uchun server Xeon ishlab chiqarishga rezerv qiladi. Shuningdek, kompaniya oʻz yarimoʻtkazgich yechimlarida EMIB qadoqlash texnologiyasidan foydalanish niyatini ochiq tasdiqlagan birinchi buyurtmachiga aylanadi. Ushbu texnologiya alohida kristallarni bitta korpusga birlashtiradi.
Intel va Microsoft EMIB yordamida qaysi chiplar, qaysi texprotsess boʻyicha, shuningdek, qanday hajmda va qaysi muddatlarda ishlab chiqarilishini oshkor qilmadi. Bu kelishuv Microsoftning 18A texprotsessidan oʻz server yechimlarida foydalanish boʻyicha avvalgi rejalari bilan bogʻliqmi yoki yoʻqmi, nomaʼlum.





