Microsoft Outlookʼdagi yirik uzilish tafsilotlari
Microsoftning dastlabki hisobotiga koʻra, Outlookʼdagi qariyb 24 soatlik uzilish Microsoft 365 tarmoq shlyuzi serverlaridagi nuqson bilan bogʻliq.

Uzilish Shveytsariyadagi Exchange Online serverlari oʻchishi ortidan boshlandi, keyin Meksika va boshqa mamlakatlarga yetdi. Trafikni almashtirish tizimlari ishladi, ammo nosozlikni cheklash oʻrniga yoydi: Exchange serverlarining 80 foizdan koʻpi javob bermadi. Dunyo boʻylab Microsoft xodimlari, kompaniyalar va davlat tashkilotlari elektron pochtaga kira olmadi.
Muhandislar dastlab jurnallar va uzilish hisobotlarini tekshirdi, kiberhujum versiyasini ham istisno qildi. Keyin iyuldan beri Microsoft 365 shlyuzlarida boʻlgan va muayyan yuklamada yuzaga keladigan tarmoq steki nuqsonini topdi: serverlar texnik xizmat rejimiga oʻtdi, ortiqcha yuklandi va qayta ishga tushishga yana muvaffaqiyatsiz urindi.
Copilot, Agents va Platform jamoasi rahbari Charlz Lamanna muammoni ikki holat kuchaytirganini aytdi. Uzilishdan 15 soat oldin Teams zaxira shlyuzidan Exchange Onlineʼga xizmat koʻrsatuvchi asosiy shlyuzga oʻtdi. Uning quvvatining qariyb 14 foizi boshqa nosozlik sabab ishlamayotgan edi. Microsoft testlar kamroq quvvatli uskunada oʻtkazilgani uchun nuqson oldinroq aniqlanmaganini bildirdi.
Serverlarni barqarorlashtirish qariyb 24 soat davom etdi: ishga qaytayotgan tizimlarni toʻplanib qolgan trafik darhol ortiqcha yukladi. Kompaniya yakuniy hisobot tayyorlamoqda va test hamda tiklash jarayonlarini qayta koʻrib chiqmoqchi.





