Oʻzbekiston IT sektoriga Rossiya investitsiyalari ikki yil ichida uch baravar oshdi
Rossiyaning Oʻzbekiston IT sektoriga kiritgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari ikki yil ichida uch baravar oshib, 320 mln dollarga yetdi. Mamlakatda vakolatxonalariga ega Rossiya IT kompaniyalari soni 47 taga yetdi.

«Milliy strategik tahlil va iqtisodiyotni rivojlantirish instituti» avtonom notijorat tashkiloti bosh direktori Kirill Petrov sanoatni raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy etishni Rossiya va Oʻzbekiston hamkorligining istiqbolli yoʻnalishlari deb atadi.
Petrovning soʻzlariga koʻra, 2025 yil yakunlari boʻyicha raqamli yechimlar va sunʼiy intellekt texnologiyalari savdosi hajmi 210 mln dollarga yetib, bir yil ichida 64 foizga oshgan. U bunday ishlanmalarga talabning oʻsishini respublika sanoatining rivojlanishi bilan bogʻladi.
Mutaxassis misol sifatida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini keltirdi. Uning Raqamli boshqaruv markazida sunʼiy intellekt asosidagi tizim ishlaydi. Tizim uchta mis boyitish fabrikasidagi jarayonlarni nazorat qiladi va 20 mingdan ortiq uskuna birligidan olingan maʼlumotlarni tahlil qiladi. «Raqamli OKMK — 2030» strategiyasi doirasida raqamlashtirish loyihalari, jumladan, qazish ishlarining maqbul yoʻnalishlarini mustaqil ravishda belgilaydigan «Raqamli kon» tizimi amalga oshirilmoqda.
Petrovning fikricha, rossiyalik muhandislar Oʻzbekiston korxonalari va energetika sektoriga oʻzlarining texnologik ishlanmalarini taklif qilishi mumkin. Uning baholashicha, Oʻzbekiston yaqin besh yil ichida energetika majmuasini rivojlantirishga 4 mlrd dollardan ortiq mablagʻ kiritmoqchi. Ekspert buni raqamlashtirish va sunʼiy intellektdan foydalanish sohalaridagi hamkorlik uchun qoʻshimcha imkoniyat deb hisoblaydi.
Rossiya Oʻzbekistonning savdo hajmi boʻyicha ikkinchi yirik hamkori boʻlib qolmoqda: respublikaning tashqi savdo aylanmasida uning ulushi 16,6 foizni tashkil etadi. Texnologik hamkorlik qoʻshma ishlab chiqarishlar, logistika loyihalari va anʼanaviy savdo bilan bir qatorda rivojlanmoqda.





