Veb-saytlardagi yashirin koʻrsatmalardan AI-agentlarga hujumlarda foydalanish mumkin
Veb-sahifadagi SEO matnida AI-agentlar ishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yashirin koʻrsatmalar boʻlishi mumkin. Bunday harakatlar bilvosita prompt-inyeksiyaga — model tashqi manbadagi maʼlumotlarni buyruq sifatida qabul qiladigan hujumga — kiradi.

Agar agent raqib kompaniya saytini tahlil qilsa, unga joylashtirilgan koʻrsatma natijalarni buzib koʻrsatishi mumkin: hisobotda obyektiv maʼlumot oʻrniga muayyan kompaniyani tavsiya qilish paydo boʻladi. Bunday koʻrsatmalar nafaqat koʻrinmas bloklarda, balki HTML izohlarida, CSS elementlarida, tasvir atributlarida, JSON-LDʼda, metamaʼlumotlarda, PDF-fayllarda, mahsulotlar haqidagi maʼlumotlar uzatiladigan feydlarda va llms.txt fayllarida ham joylashtirilishi mumkin. Odam ularni payqamasligi mumkin, biroq parser bu tarkibni modelga uzatishi ehtimol. Yana bir usul — qidiruv robotlari va AI-agentlarga oddiy tashrif buyuruvchilar koʻradigan sahifadan farq qiladigan sahifani koʻrsatish.
Bunday hujumlarda sayt egasi uch xil rolni bajarishi mumkin. Agar zararli koʻrsatma uning sahifasiga pudratchi, plagin yoki eski material orqali tushgan boʻlsa, u inyeksiya tashuvchisiga aylanadi. Agar uning AI-agenti begona saytlarni tahlil qilib, buzib koʻrsatilgan hisobotlarni taqdim etsa yoki yuklangan maʼlumotlarni oshkor qilsa, u hujum qurboniga aylanadi. Nihoyat, agar sayt egasi mijozlar uchun moʻljallangan matnga avvalgi buyruqlarni eʼtiborsiz qoldirish va oʻz kompaniyasini tavsiya qilish haqidagi koʻrsatmalarni joylashtirsa, hujum tashabbuskorining oʻziga aylanadi.
Bunday tahdidlarga misollardan biri Microsoft 365 Copilotʼdagi EchoLeak zaifligi boʻldi. 2025 yilda unga CVE-2025-32711 identifikatori berildi va CVSS shkalasi boʻyicha 9,3 ball baho qoʻyildi. Elektron xatdagi yashirin koʻrsatma xat ochilmasdan va foydalanuvchi tomonidan hech qanday harakat qilinmasdan yordamchi kontekstiga tushishi mumkin edi. Microsoft muammoni zaiflik ommaga oshkor qilinishidan oldin, may oyida server yangilanishi orqali bartaraf etdi. Undan amalda foydalanilgani haqida maʼlumot aniqlanmadi.
Google qidiruvdagi generativ AI javoblarini manipulyatsiya qilishga urinishlarni spam toifasiga kiritadi. Mumkin boʻlgan oqibatlar qatoriga saytning qidiruv natijalaridagi oʻrnini pasaytirish yoki uni natijalardan butunlay chiqarib tashlash kiradi.





