Waymo AQSh avtomagistrallarida haydovchisiz safarlarni vaqtincha toʻxtatmoqda
Waymo Kaliforniya rasmiylari taqiqidan soʻng xizmat mavjud boʻlgan AQShning barcha shaharlarida avtomagistrallardagi haydovchisiz safarlarni toʻxtatdi.

Kaliforniya Avtotransport vositalari departamenti (DMV) yoʻl qurilishi hududlariga robotaksilarning bir necha bor kirib ketganidan soʻng Waymoʻning avtomagistrallardagi faoliyatini «jamoat xavfsizligiga bevosita tahdid» deb baholadi.
5 noyabr kuni Waymoʻning uchta avtomobili qurilish hududiga kirib qoldi. Ertasi kuni boshqa bir mashina San-Fransisko yaqinidagi trassada harakatni toʻxtatish uchun qoʻyilgan Kaliforniya yoʻl patruli avtomobillarini bir necha bor aylanib oʻtishga urindi. DMV 18 maydagi shunga oʻxshash hodisani ham tilga oldi: yettita robotaksi konuslardan oʻtib, yopilgan yoʻl boʻlaklari va faol qurilish hududiga kirgan.
Bunga javoban Waymo AQShdagi xizmat taklif qilingan barcha bozorlarda avtomagistrallardagi safarlarni toʻxtatdi. Kompaniya operator-haydovchilar boshqaruvidagi sinovlarni davom ettiradi hamda tijoriy safarlarni qayta boshlash uchun Kaliforniya va boshqa shtatlar rasmiylari bilan ishlamoqda. Shaharlardagi haydovchisiz safarlar davom etmoqda. Waymo xizmati 15 shaharda ishlaydi, biroq avtomagistrallar ulardan faqat ayrimlarida, jumladan San-Fransisko va Los-Anjelesda mavjud edi.





