Polsha universiteti Andijon texnikumiga jihozlar topshirdi
Andijon 7-son texnikumi «Varsovia» universiteti koʻmagidagi loyiha doirasida interaktiv doska va 15 toʻplam kompyuter texnikasini bepul oldi.

Taʼlim muassasasiga moddiy bazani modernizatsiya qilish va raqamli taʼlim uchun jihozlar topshirildi. Loyihani Oʻzbekiston elchixonasi taklif qilgan, tashkiliy koʻmakni esa Polshaning «Varsovia» oliygohi — Polsha biznes va amaliy fanlar universiteti rahbariyati taʼminlagan.
Interaktiv doska va 15 toʻplam kompyuter texnikasidan darslarda foydalanish rejalashtirilgan. Uskunalar talabalarga axborot texnologiyalari sohasidagi amaliy koʻnikmalarini takomillashtirish va Yevropa standartlarini hisobga olgan holda mehnat bozorida ishlashga tayyorgarlik koʻrishda yordam beradi. Andijon viloyatining Asaka shahrida Varsovia filiali faoliyat yuritadi.





