Vulcan raketasi startda muvaffaqiyatsizlikka uchrab, SpaceX raqiblariga jiddiy zarba berdi
ULA kompaniyasining Vulcan raketasi startdan 10 daqiqa oʻtib avariyaga uchradi va Amazonning 40 yoʻldoshini orbitaga chiqara olmadi. Parvozlar nomaʼlum muddatga toʻxtatilishi mumkin.

Yakshanba kuni Vulcan Florida shtatidagi Kanaveral burni kosmodromidan uchirildi, biroq startdan taxminan 10 daqiqa oʻtib nooddiy vaziyatga duch keldi. Kompaniya raketa Amazon missiyasini orbitaga chiqara olmaganini va hozircha nosozlik sababiga oid maʼlumotga ega emasligini bildirdi.
Raketa bortida SpaceX kompaniyasining Starlink tarmogʻi bilan raqobatlashishi kerak boʻlgan keng polosali tarmoq uchun moʻljallangan Amazon Leoʻning 40 ta yoʻldoshi bor edi. Bu Amazon guruhini joylashtirish uchun rejalashtirilgan Vulcanʼning 38 ta uchirilishidan birinchisi edi.
Hodisa AQShning harbiy kosmik dasturlariga ham taʼsir qilishi mumkin: yaqin yillarda AQSh milliy xavfsizligi boʻyicha uchirilishlarning qariyb yarmi uchun Vulcan bilan shartnoma tuzilgan. Raketani nomaʼlum muddatga yerda qoldirish kutilmoqda.
Manbaga koʻra, oltita qattiq yoqilgʻili tezlatkich parvozning dastlabki ikki daqiqasida oʻz vazifasini normal bajargan. Avvalgi toʻrtta uchirilishning ikkitasida Vulcan tezlatkichlar bilan bogʻliq muammolarga duch kelgan, biroq oʻsha holatlarda parvozni davom ettirib, yukni orbitaga chiqargan. Har bir holatdan keyin bir necha oy davomida tekshiruvlar oʻtkazilgan.
ULA nosozlik sababini aniqlash, zarur tuzatishlarni belgilash va shundan soʻng raketani parvozlarga qaytarishni rejalashtirmoqda. Kompaniya bunday qaytish muddatini maʼlum qilmadi.





