Microsoft fayllarni saqlagan holda korporativ Windows kompyuterlarini masofadan bloklashni sinovdan oʻtkazmoqda
Microsoft yoʻqolgan yoki oʻgʻirlangan kompyuterni Intune orqali bloklash va undagi maʼlumotlarni saqlab qolish imkonini beruvchi Remote Lock funksiyasini sinovdan oʻtkaza boshladi.

Funksiya Windows 11’ning Beta va Experimental kanallari uchun moʻljallangan dastlabki yigʻinlarida paydo boʻldi. U tashkilot tomonidan boshqariladigan, Enterprise, Education va Pro nashrlariga ega hamda Microsoft Entraʼga ulangan yoki qurilmalarni boshqarish tizimida roʻyxatdan oʻtgan qurilmalarga moʻljallangan.
Buyruqni olgach, Windows faol seanslarni yakunlaydi va tizimga kirish usullarini yashiradi. Parol, PIN-kod yoki mahalliy administrator hisob qaydnomasi orqali blokdan chiqarish imkoni boʻlmaydi. Blokdan chiqarishni administrator Intune orqali amalga oshirishi mumkin. Bunda foydalanuvchi hisob qaydnomasi boshqa qurilmalarda ishlashda davom etadi.
Buyruq kompyuter boshqaruv serveriga keyingi safar ulanganida qoʻllanadi. Faollashtirilgach, bloklash kompyuter qayta ishga tushirilganda ham va internet boʻlmaganida ham saqlanib qoladi. Administrator ekranga cheklov sababini va texnik yordam xodimlarining aloqa maʼlumotlarini ham chiqarishi mumkin.
Fayllar diskda qoladi, qurilma esa boshqaruv tizimiga ulanishni saqlab qoladi. Remote Lock Windowsʼni tiklash muhitiga, xavfsiz rejimga va tashqi tashuvchilardan yuklanishga kirish imkonini ham saqlab qoladi. Disk chiqarib olinganida maʼlumotlarni himoya qilish uchun Microsoft BitLocker shifrlashidan foydalanishni tavsiya qiladi.





