Guterrish davlatlarni sunʼiy intellektdan xavfsiz foydalanish qoidalarini kelishishga chaqirdi
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish davlatlarni sunʼiy intellektdan xavfsiz foydalanish uchun saʼy-harakatlarini birlashtirishga chaqirib, uning nazoratsiz rivoji xavfidan ogohlantirdi.

Bu haqda Guterrish Barbados poytaxti Bridjtaun shahrida oʻtkazilgan sunʼiy intellekt xavfsizligi sammitida maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, texnologiya sogʻliqni saqlash, taʼlim, fan, iqtisodiyot va ob-havoni prognozlashga yordam berishi mumkin. Biroq u kiberhujumlar, texnik nosozliklar va boshqa hodisalar xavfini ham tugʻdiradi.
BMT bosh kotibining fikricha, sunʼiy intellektdan foydalanish oqibatlari bir nechta davlatga taʼsir qilishi mumkin. Shu bois xalqaro hamkorliksiz uning xavfsizligini taʼminlab boʻlmaydi. U rivojlanayotgan davlatlarni qoidalarni ishlab chiqishda ishtirok etishga, boshqa davlatlar qarorlarini shunchaki qabul qilish bilan cheklanmaslikka chaqirdi.
Guterrish jiddiy hodisalar haqidagi maʼlumotlarni almashish va sunʼiy intellekt xavfsizligini birgalikda baholash mexanizmlarini yaratishni taklif qildi. Shuningdek, u tizimlarni til, madaniyat va mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda mustaqil tekshirish uchun milliy salohiyatni rivojlantirish tarafdori boʻldi. BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan ushbu sohadagi global tarmoq dunyoning besh mintaqasidagi 27 markazni birlashtiradi.





