Hakerlar Drupalʼdagi kritik zaiflik orqali saytlarni qoʻlga kiritmoqda
Drupal xavfsizlik jamoasi yangilanmagan saytlarda CVE-2026-132165 ekspluatatsiya qilinayotganini tasdiqladi. Hujumchilar oʻrnatuvchi orqali masofadan kod ishga tushirishi yoki saytni nazorat qilishi mumkin.

Drupal xavfsizlik jamoasi ogohlantirishni yangiladi: zaiflikdan ishlayotgan saytlarda kamida 2026-yil 19-noyabr soat 19:00 UTC dan beri foydalanilmoqda. Xatoni OSS Scanner Anthropic aniqlagan. U anonim foydalanuvchiga install.php faylidan suiisteʼmol qilib, serverda kod ishga tushirish yoki saytni egallash imkonini beradi.
Muammo Drupalʼni muayyan sharoitlarda qayta oʻrnatish jarayonida yuzaga keladi. Veb-server settings.php fayliga yozolmasa yoki uning kirish huquqlarini oʻzgartira olmasa, hujum ssenariylarining bir qismi bloklanadi. Pullik Drupal Steward WAFʼiga ega saytlar hujumning maʼlum usullaridan himoyalangan, biroq jamoa baribir Drupalʼning mavjud eng soʻnggi versiyasini oʻrnatishni tavsiya qiladi: ekspluatatsiyaning boshqa variantlari paydo boʻlishi mumkin.
Yangilanishni darhol oʻrnatib boʻlmasa, administratorlarga veb-server konfiguratsiyasi yoki sayt ildizidagi .htaccess faylida /core/install.php manziliga kirishni yopish tavsiya etiladi. CISA zaiflikni Known Exploited Vulnerabilities katalogiga kiritdi va AQSh federal idoralaridan tizimlarni 27-noyabrgacha himoyalashni talab qildi. Agentlik qolgan tashkilotlarga ushbu katalogdagi zaifliklarni bartaraf etishni ustuvor vazifa qilishni tavsiya qildi.





