Shimpanze DNKsida qadimiy virus izi inson miyasi rivojlanishidagi farqlarni tushuntirdi
Lund universiteti olimlari qadimiy virusli qoʻshilma shimpanzelarda odamlar miyasining ilk rivojlanishida faol va muhim boʻlgan LINC00662 genini oʻchirib qoʻyishini aniqladi.

Tadqiqotchilar millionlab yillar avval shimpanzelarga yuqqan PTERV1 virusi izlarini oʻrgandilar. Uning genetik materiali hayvonlar genomiga joylashib, vaqt oʻtishi bilan keyingi avlodlarga oʻta boshlagan. Olimlarning fikricha, aynan shu qoʻshilma qoʻshni LINC00662 genini oʻchirib qoʻyadi.
Bu gen inson miyasi rivojlanishining dastlabki bosqichlarida faol boʻladi, biroq shimpanze miyasining taqqoslanadigan modellarida ishlamaydi. Olimlar buni metillanish — genlar faolligini tartibga soladigan va ularni nofaol holatga oʻtkazishi mumkin boʻlgan DNKning kimyoviy oʻzgarishi bilan bogʻlamoqda.
Buni tekshirish uchun tadqiqotchilar oʻzak hujayralardan odam va shimpanze miyasining miniatyura modellarini yetishtirdilar. Inson organoidlarida LINC00662 faol ishlagan, shimpanze hujayralaridan olingan modellarda esa oʻchiq holatda qolgan. CRISPR-Cas9 yordamida virus ketma-ketligi olib tashlanganidan soʻng, shimpanze hujayralaridagi gen yana faollashgan.
Shundan keyin olimlar inson organoidlarida LINC00662 genini oʻchirib qoʻydilar. Bu nerv hujayralarining rivojlanishi va neyronlar oʻrtasidagi aloqalarning shakllanishi bilan bogʻliq genlar faolligini pasaytirdi. Tadqiqot mualliflarining fikricha, natija qadimiy virusli infeksiya genlar boshqaruviga qanday taʼsir koʻrsatgani va inson hamda shimpanze miyasining rivojlanishidagi farqlarga qanday hissa qoʻshgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi.
Tadqiqotchilar boshqa virusli ketma-ketliklar ham miya evolyutsiyasiga xuddi shunday taʼsir koʻrsatgan-koʻrsatmaganini tekshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, ular meros boʻlib oʻtgan bunday parchalarning nevrologik kasalliklar bilan ehtimoliy bogʻliqligini oʻrganmoqchi.





