Metaʼning Muse sunʼiy intellekt agenti suhbatlarni aralashtirib, shaxsiy maʼlumotlarni oshkor qilmoqda
Meta xodimlarining aytishicha, sunʼiy intellektga asoslangan Muse agenti ayrim hollarda turli akkauntlardagi maʼlumotlarni aralashtirib yuborgan va foydalanuvchilarga boshqa odamlarning shaxsiy maʼlumotlarini koʻrsatgan. Bu haqda Reuters surishtiruvida aytiladi.

Reuters Meta kompaniyasining ichki yozishmalarini oʻrganib chiqdi. Ularda xodimlar Museʼdagi nosozliklarni tasvirlagan. Ularning soʻzlariga koʻra, foydalanuvchilar bolalari haqidagi soʻrovlar, karyera boʻyicha maslahatlar va oʻzlari bermagan buyurtmalarni, shuningdek, boshqa odamlarning bank hisoblaridagi qoldiqlarni koʻrgan.
Holatlardan birida agent ob-havo va suv koʻtarilishi haqidagi yozishmaga boshqa odamga tegishli Capital One va Charles Schwab hisoblari maʼlumotlari tushirilgan xabarni qoʻshgan. Yana bir xodimning shaxsiy telefonida Muse unga Signal messenjerida — xabarlar oxirigacha shifrlanadigan ilovada — singlisiga javob berishni eslatgan. U hamkasblariga agentga boshqa ilovalarga kirish huquqini bermaganini va undan bu haqda soʻrashganini eslamasligini yozgan.
Muse sentyabr oyida ishga tushirilgan. 10 milliondan ortiq yuklab olishlar uni eng tez oʻsayotgan ilovalardan biriga aylantirdi. Meta izoh soʻrab yuborilgan soʻrovga darhol javob bermadi.





