Olimlar qora tuynuklarning shakllanishidagi yangi mexanizmning ehtimoliy belgilarini aniqladi
LIGO–Virgo–KAGRA tarmogʻi maʼlumotlarini oʻrganish natijasida massiv yulduzlarning sokin kollapsi paytida paydo boʻlgan boʻlishi mumkin boʻlgan qora tuynuklarning alohida guruhiga oid belgilar aniqlandi. Hozircha bevosita dalillar yoʻq.

Kaliforniya texnologiya instituti rahbarligidagi olimlar soʻnggi oʻn yil ichida gravitatsion toʻlqinlar tarmogʻi tomonidan qayd etilgan 257 ta qoʻshilish hodisasida hosil boʻlgan qora tuynuklar massalarini tahlil qildi. Obyektlarning qariyb toʻrtdan uch qismi massasi Quyosh massasining taxminan 10 baravariga teng edi.
Shu bilan birga, tadqiqotchilar Quyosh massasining 12 dan 16 baravarigacha boʻlgan diapazonda qora tuynuklar yetishmasligini aniqladi. Massasi Quyosh massasining taxminan 10 baravariga teng boʻlgan obyektlarning aylanish tezliklari diapazoni ham umumiy tanlanmadagi qora tuynuklarnikiga qaraganda torroq edi.
Kaliforniya texnologiya instituti fizika professori Katerina Chatzioannouning soʻzlariga koʻra, bu bunday guruhdagi obyektlarning umumiy kelib chiqishiga ishora qilishi mumkin. Ehtimoliy ssenariylardan biri — oʻta yangi yulduz sifatida portlamay, toʻgʻridan-toʻgʻri qora tuynuklarga siqilib qolgan massiv yulduzlardir. Bunday oʻta yangi yulduzlarning aniq tasdiqlangan misollari hozircha yoʻq, shu sababli mualliflar keyingi tadqiqotlar zarurligini taʼkidlamoqda. Ish Physical Review D jurnalida eʼlon qilindi.





