Goldman Sachs 2028–2029 yillarda AQSh mehnat bozoriga sunʼiy intellekt taʼsiri yanada sezilarli boʻlishini kutmoqda
Goldman Sachs iqtisodchilari ishdan boʻshatishlar darajasi yana bir yil pastligicha qolishini, sunʼiy intellektning bandlikka yanada sezilarli taʼsiri esa keyingi yillarda boshlanishini kutmoqda.

Goldman Sachsning AQSh iqtisodiyotining 2027 yilga moʻljallangan prognozida aytilishicha, mehnat bozori hozircha yollash surʼatlari sust va ishdan boʻshatishlar soni kam boʻlgan davrni boshdan kechirmoqda. Ishsizlik nafaqasini olish uchun berilgan yangi arizalarning toʻrt haftalik oʻrtacha koʻrsatkichi 195 000 tani tashkil etmoqda — bu mazkur qator tarixidagi eng past daraja.
Bank sunʼiy intellektni joriy etishning sezilarli oqibatlari iqtisodiyot sekinlashganidan keyin namoyon boʻlishini hisoblamoqda. Goldman Sachs iqtisodchisi Jozef Briggs texnologiyalarga oʻtish jarayonida xodimlarning 9 foizigacha boʻlgan qismi siqib chiqarilishi mumkinligini baholagan. Uning fikricha, barqaror iqtisodiyotda avtomatlashtirish bandlikka kamroq taʼsir qiladi, biroq iqtisodiy siklning pasayish bosqichida bu jarayon tezlashadi.
Goldman prognoziga koʻra, 2027 yilda AQSh yalpi ichki mahsuloti 2,4 foizga oʻsadi — bu konsensus bahosidan yuqori — va retsessiya kutilmaydi. Shu sababli bank ish oʻrinlarining ehtimoliy qisqarishini keyingi yillarga taalluqli deb hisoblamoqda.
Shu bilan birga, boshqa tadqiqotchilar butun iqtisodiyot boʻylab xodimlarning keng koʻlamda siqib chiqarilishini kuzatmayapti. Stenford raqamli iqtisodiyot laboratoriyasi maʼlumotlariga koʻra, sunʼiy intellektning taʼsiri hozircha ishdan boʻshatishlar koʻpayishida emas, balki avtomatlashtirishga eng zaif boʻlgan lavozimlarga yosh mutaxassislarni yollash qisqarishida kuchliroq namoyon boʻlmoqda. Tadqiqotchilar bu kuzatuvlar vaziyatni tasvirlashini, biroq sabab-oqibat bogʻliqligini isbotlamasligini taʼkidlamoqda.





