Olimlar dron yordamida yigʻilgan nafasdan bukri kitlar genomini oʻqidi
Tadqiqotchilar kichik uchuvchisiz qurilmalar yordamida yigʻilgan nafas tomchilaridan bukri kitlarning toʻliq genom maʼlumotlarini oldi. Bu usul biopsiyasiz hayvonlar DNKsini oʻrganish imkonini berdi va dengiz populyatsiyalari holatini kuzatish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

Tadqiqotni Shotlandiyadagi Sankt-Endryus universiteti ham ishtirok etgan guruh olib bordi. Olimlar Kanadadagi Britaniya Kolumbiyasi qirgʻoqlari yaqinida bukri kitlarni oʻrgandi. Natijalar 17 noyabr kuni Molecular Ecology Resources jurnalida eʼlon qilindi.
Material yigʻish uchun steril Petri kosachasi oʻrnatilgan DJI Mavic 2 Pro rusumli tijoriy kvadrokopterdan foydalanildi. Uchuvchisiz qurilma kit nafas chiqarish buluti orqali yoʻnaltirildi, hujayralar va hayvonning genetik materiali boʻlgan tomchilar esa Petri kosachasi yuzasida toʻplandi. Bunday yondashuv odatda teri va teri osti yogʻidan kichik namunalar olish uchun ishlatiladigan dartlardan foydalanmaslik imkonini beradi.
Tadqiqotchilar jami 26 ta bukri kitdan 58 ta namuna yigʻdi. Bitta namuna bir kitning birdan oltitagacha nafas chiqarishidan olingan materialni oʻz ichiga olishi mumkin edi, oʻrtacha koʻrsatkich esa taxminan 2,6 ta nafas chiqarishni tashkil etdi. Namunalarning qariyb 38 foizi dronni tadqiqot kemasisiz, toʻgʻridan-toʻgʻri qirgʻoqdan uchirish orqali olindi.
Namunalarda aniqlangan DNKning oʻrtacha 83,6 foizi kitlarning oʻziga tegishli boʻlgan. Bu ikkala ota-onadan meros boʻladigan yadro genomini hamda ona liniyasi orqali oʻtadigan mitoxondrial genomni sekvenslash uchun yetarli boʻldi.
Yadro genomini oʻqish chuqurligi oʻrtacha 2,3 martani, mitoxondrial genomniki esa 94 martani tashkil etdi. Bu koʻrsatkich DNKning har bir qismi oʻrtacha necha marta oʻqilishini bildiradi. Yadro genomlari nisbatan kichik chuqurlikda olingan boʻlsa-da, maʼlumotlar genetik xilma-xillik va populyatsiyalar oʻrtasidagi farqlarni oʻrganish uchun yetarli boʻldi.
Yondashuvning ishonchliligi takroriy namunalar yordamida tekshirildi. Turli uchrashuvlar vaqtida va turli yillarda ayni hayvonlardan olingan namunalar bir-biriga mos keladigan genetik profillarni berdi. Ikki kit biopsiyasi bilan oʻtkazilgan taqqoslash ham natijalarni tasdiqladi. Bundan tashqari, tahlil tekshirilgan barcha hayvonlarning jinsini toʻgʻri aniqlash va mitoxondrial DNKning avval tavsiflanmagan uchta variantini topish imkonini berdi.
Material aralashib ketishi xavfini kamaytirish uchun guruhlarda shamol kelayotgan tomonda turgan kit tanlandi. Tadqiqotchilar qoʻshni hayvonlar DNKsi bilan namunalarning sezilarli darajada ifloslanganini aniqlamadi. Dam olayotgan kitlardan namuna olinmadi, hayvon uchuvchisiz qurilmaga reaksiya bildirganida esa parvoz toʻxtatildi.
Olingan genomlar Tinch okeanining shimoliy qismidagi bukri kitlar bilan Atlantika populyatsiyalari oʻrtasida farqlar borligini koʻrsatdi. Shu bilan birga, oʻrganilgan Tinch okeani guruhida yaqinda sodir boʻlgan yaqin qarindoshlararo chatishtirishning yaqqol belgilari aniqlanmadi. Kelgusida guruh birga oziqlanadigan kitlarning qarindoshlik aloqalarini oʻrganib, bunday guruhlar shakllanishida oilaviy va barqaror ijtimoiy munosabatlar qanday rol oʻynashini aniqlashni rejalashtirmoqda.
Namunalardagi qolgan taxminan 16 foiz DNK qoʻshimcha maʼlumot berishi mumkin: uning katta qismi nafas yoʻllaridagi mikroorganizmlar bilan bogʻliq. Ushbu tadqiqotda ular batafsil oʻrganilmadi, biroq kelajakda bitta nafas namunasi hayvon genetikasi va uning nafas yoʻllari mikrobiomi haqida maʼlumot manbai boʻlishi mumkin.
Usulni kitlar turkumiga mansub boshqa turlarda ham sinab koʻrish kerak. Uning samaradorligi hayvonlarning kattaligi, xulq-atvori va nafas chiqarish xususiyatlariga bogʻliq boʻlishi mumkin. Ayrim genetik koʻrsatkichlarni aniqroq baholash uchun sekvenslash chuqurligini oshirish talab etiladi. Shunga qaramay, tadqiqot yovvoyi kitlardan terini teshib oʻtmasdan toʻliq genom maʼlumotlarini olish mumkinligini allaqachon namoyish etdi.





