Fed AI bilan bogʻliq 3 trln dollarlik moliyaviy xavfdan ogohlantirdi
Fed AI bumiga bogʻliq 3 trln dollardan ortiq potensial balansdan tashqari majburiyatlar haqida ogohlantirdi. Investitsiyalar oʻzini oqlamasa, xavf texnologiyalar sektoridan tashqariga chiqishi mumkin.

Fedning moliyaviy barqarorlik hisobotida bu majburiyatlarga data-markazlarning uzoq muddatli ijarasi, elektr energiyasi shartnomalari, moliyalashtirish kafolatlari va odatiy korporativ qarz sifatida aks etmaydigan boshqa kelishuvlar kirishi aytiladi.
16 noyabrdagi nutqida Fed Boshqaruv kengashi aʼzosi Maykl Barr AI infratuzilmasini moliyalashtirish murakkablashayotganini taʼkidladi. Yil oxiriga borib, yettita yirik AI kompaniyasining balansdagi qarzi 800 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda. Biroq 3 trln dollar zarar yoki shoshilinch toʻlovlar prognozi emas, balki odatiy qarz bilan bevosita taqqoslab boʻlmaydigan ehtimoliy shartnomaviy majburiyatlar hajmidir.
Fedning oktabrdagi bayonnomasida qarzdorlik oʻsishi, yopiq moliyalashtirish sxemalari va xatarlar taqsimotini yashiruvchi murakkab majburiyatlar qayd etildi. Talab sust boʻlsa, bosim chip yetkazib beruvchilar, data-markaz operatorlari, banklar, kommunal kompaniyalar va fondlarga taʼsir qilishi mumkin. Stavkalar oshishi qayta moliyalashtirish xarajatlarini koʻpaytirishi mumkin, fondlarning aktivlarni sotishi esa narxlar pasayishini kuchaytirishi mumkin. Fed inqirozni prognoz qilmayapti va banklar hamda uy xoʻjaliklari balanslari barqarorlik zaxirasini yaratmoqda, deb hisoblaydi.





