Proximal Ventures fondi farmatsevtikada sunʼiy intellektni rivojlantirishga $27,5 mln yoʻnaltiradi
Proximal Ventures fondi $27,5 mln jalb qildi va bu mablagʻni dori vositalari hamda farmatsevtika xizmatlarini ishlab chiqishda sunʼiy intellektdan foydalanadigan startaplarga investitsiya qiladi.

Proximal Ventures asoschisi Sahir Rauf kapitalni ilk bor jalb qilayotgan fond boshqaruvchilari uchun bozor murakkab boʻlgan bir paytda oʻzining ilk fondini jamladi. Bungacha u SignalFireʼda investor boʻlib ishlagan, ikkita tibbiy startapda rahbarlik lavozimlarini egallagan, shuningdek, Iterative Health va Flatiron Health kompaniyalarida biznesni rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan.
Fond pre-seed va seed bosqichidagi kompaniyalarga investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Bitta investitsiya miqdori $500 000 dan $1,5 mln gacha boʻladi. Proximal Ventures allaqachon oltita startapni qoʻllab-quvvatladi. Ular orasida OpenAIʼning sobiq rahbari Fidji Simo ham hammuassis boʻlgan ChronicleBio ham bor. Kompaniya surunkali kasalliklarni oʻrganish va davolashning ehtimoliy usullarini izlash uchun biologik hamda tibbiy maʼlumotlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qiladi.
Raufning fikricha, sunʼiy intellekt farmatsevtika kompaniyalari hozirda ixtisoslashgan pudratchilarga topshirayotgan vazifalarning katta qismini avtomatlashtirishi mumkin. Gap molekulyar birikmalarni sintez qilish, dori vositalari ishlab chiqarishini kengaytirish va klinik tadqiqotlar maʼlumotlarini tahlil qilish haqida bormoqda. Uning baholashicha, startaplar farmatsevtika sohasi xarajatlariga kirish imkoniga ega boʻlgan holda, bunday xizmatlarni arzonroq va tezroq koʻrsatishi mumkin.
Fond investorlari orasida SignalFire, Kleiner Perkins, Bertelsmann Healthcare Investments, shuningdek, Dimension Capital hammuassislari Nan Li va Zavayn Dar bor. Highlander Health hammuassisi va FDA komissarining sobiq oʻrinbosari Emi Abernati ham fondga sarmoya kiritdi. U Raufning biznes aloqalarini yoʻlga qoʻyish va sogʻliqni saqlash tizimidagi muammoli nuqtalarni aniqlash borasidagi tajribasini qayd etdi.





