Tadqiqot kichik farzandlari bor ayollarning ishga joylashishidagi asosiy toʻsiqlarni aniqladi
Maktabgacha yoshdagi farzandlari bor 594 nafar ayol oʻrtasida oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, ishga joylashishga oilaviy majburiyatlar, bolalarni parvarish qilish xizmatlarining yetishmasligi va oila koʻmagining yoʻqligi toʻsqinlik qiladi.

Oila va gender tadqiqotlari instituti Toshkent, Qashqadaryo, Fargʻona va Xorazm viloyatlaridagi ayollar oʻrtasida soʻrov oʻtkazdi. Tadqiqot ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki va ishni oilaviy majburiyatlar bilan birga olib borish imkoniyatini oʻrgandi.
Ishtirokchilarning 38,7 foizi oilaviy majburiyatlarni ishga joylashishdagi asosiy toʻsiq deb atadi. Yana 25,4 foiz ayol bolalarni parvarish qilish markazlari yetishmasligini, 16,2 foizi ish joyining uzoqligini, 13,9 foizi esa masofadan ishlash imkoniyati yoʻqligini koʻrsatdi.
Oila koʻmagi ham ayollarning iqtisodiy faolligi bilan bogʻliq. Turmush oʻrtogʻidan koʻmak oladigan ayollarda iqtisodiy faollik ehtimoli 2,64 baravar yuqori. Umuman, oila aʼzolari qoʻllab-quvvatlaganda ishga joylashish ehtimoli 1,49 baravar yuqori boʻladi. Agar oila ayolning ishga chiqishiga qarshilik qilsa, bu koʻrsatkich 66,3 foizga pasayadi.
Uy yumushlaridagi yuklama ham ishga joylashish imkoniyatiga taʼsir qiladi. Haftasiga 12 soatdan koʻproq vaqtini qoʻshimcha maishiy majburiyatlarga sarflaydigan ayollarda ishga joylashish ehtimoli 75,4 foizga past. Bunday vazifalarga ovqat tayyorlash, uy tozalash, kir yuvish va bolalarni parvarish qilish kiradi.
Olti yoʻnalish asosida hisoblangan ish va oila oʻrtasidagi muvozanatning umumiy indeksi 60,9 foizni tashkil etib, oʻrtacha darajaga mos keldi. Toshkentda bu koʻrsatkich 66,2 foizga, Qashqadaryo viloyatida esa 57 foizga yetdi. Kundalik vaziyatlarga moslasha olish qobiliyati 3,53 ball, psixologik barqarorlik esa 2,36 ball bilan baholandi.
Yechimlar qatorida bolalarni parvarish qilish xizmatlarini kengaytirish, moslashuvchan ish jadvali, masofaviy bandlikni rivojlantirish va uy yumushlarini yanada teng taqsimlash tilga olingan.
Yana oʻqing

HPE rahbari martaba pillapoyasida oʻsishga nima yordam berishini aytdi
Karyera12-noyabr, 15:55
Uchrashuvlarni tartibga solish jamoaga bir muhandis vaqtini qaytardi
Karyera12-noyabr, 14:00


