TSMC ChatGPT va Claude yaratuvchilariga $1 mlrdgacha sarmoya kiritadi
TSMC direktorlar kengashi OpenAI va Anthropicʼga har biriga $500 mln, jami $1 mlrdgacha sarmoyani maʼqulladi. Bitimlar hali yakunlanmagan.

Mablagʻni OpenAIʼning imtiyozli aksiyalari va Anthropic aksiyalarini uning IPO narxida sotib olishga yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda. Shu tariqa TSMC sunʼiy intellekt infratuzilmasi uchun chiplar ishlab chiqarishdan tashqari, AI ishlab chiquvchilar kapitalidagi ishtirokidan ham daromad olishni koʻzlamoqda.
Qaror Anthropic kompaniyasining birjaga chiqishga tayyorgarlik koʻrayotgan paytiga toʻgʻri keldi. Claude AI yordamchisini yaratgan kompaniya aksiyalarni joylashtirish narxini $70–78 oraligʻida belgiladi va biznesi qiymati $1,4 trln.gacha baholanishini kutmoqda. Shu bilan birga, Anthropic aksiyalarning xususiy joylashtirilishi orqali yana $26 mlrd jalb qilmoqda. Unda Alphabet, Nvidia, AMD va Microsoft ishtirok etmoqda.
TSMC dunyodagi eng yirik shartnoma asosidagi yarimoʻtkazgich ishlab chiqaruvchisi va AI industriyasi uchun chiplarning asosiy yetkazib beruvchilaridan biri boʻlib qolmoqda. Kompaniya, xususan, koʻplab zamonaviy sunʼiy intellekt modellari ishlaydigan Nvidia protsessorlarini ishlab chiqaradi.
Oʻtgan oy TSMC ketma-ket oltinchi chorakda rekord foyda olgani haqida hisobot berdi va AI chiplari talabini «nihoyatda yuqori» deb atadi. Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchi 2027 yil uchun ehtiyotkor prognoz berdi. Kompaniya 2026 yil yakunida tushum taxminan 44 foizga oʻsishini kutmoqda, bunda uning mahsulotlariga talab mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan oshib ketgan.
TSMC yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarishni kengaytirmoqda va Arizonada ishlab chiqarish korxonalarini qurish boʻyicha $265 mlrdlik dasturni amalga oshirmoqda. Kompaniya Texasdagi yangi loyihalar istiqbolini ham baholamoqda. OpenAI va Anthropicʼga kiritiladigan sarmoyalar uning mahsulotlariga talabni shakllantirayotgan kompaniyalar oʻsishidan qoʻshimcha potensial daromad olish imkonini berishi kerak.





