Mask toʻqqizta dvigatel va qariyb 150 metr balandlikka ega Starship V4 haqida gapirdi
Starship raketasining keyingi versiyasi yigʻilgan holatda qariyb 150 metrga yetishi, uning yuqori bosqichida esa oltita oʻrniga toʻqqizta dvigatel boʻlishi kutilmoqda, dedi SpaceX rahbari Ilon Mask. Uning debyuti 2027 yilda kutilmoqda.

Maskning soʻzlariga koʻra, Starship V4 kemasining uzunligi qariyb 70 metrni tashkil etadi, yoqilgʻi zaxirasi esa 60 foizdan koʻproqqa oshadi. SpaceX kosmosda ishlashga moʻljallangan uchta Raptor Vacuum dvigatelini qoʻshishni rejalashtirmoqda. Yangi avlod dvigatellari, shuningdek, kattaroq tortish kuchini hosil qilishi kerak.
Taqqoslash uchun, Starship V3 kemasining uzunligi qariyb 52 metrni tashkil etadi. Super Heavy tezlatkichi bilan birga tizim balandligi 124 metrga yetadi. Bitta V4 yuqori bosqichining balandligi ikki bosqichli Falcon 9 raketasinikiga teng darajada boʻladi.
Mask 2025 yil avgustida eʼlon qilgan yoʻl xaritasida V4 uchun yigʻilgan holatda 142 metr, kemaning oʻzi uchun esa 61 metr koʻrsatilgan edi. Oʻshanda ilk parvozni 2027 yilga rejalashtirishgan. Mask yangi xabarida oʻlchamlar boʻyicha bahosini qayta koʻrib chiqdi, biroq debyut sanasini aniqlashtirmadi.
Bayonot Starshipʼning 15-sinov parvozidan keyin yangradi. Kema Starlink V3 sunʼiy yoʻldoshlarini orbitaga olib chiqdi, 14 noyabr kuni esa uchirish minorasi orbitadan qaytgan yuqori bosqichni ilk bor tutib qoldi. Oʻsha sinov davomida Super Heavy tezlatkichi suvga qoʻndirishga yoʻnaltirildi.





