Spines kitob nashri uchun SIʼni rivojlantirishga $64 mln jalb qildi
Spines startapi SI platformasini rivojlantirish va AQShdan tashqariga kengayish uchun $64 mln yangi mablagʻ jalb qildi, dedi asoschi Yehuda Niv.

Kompaniya mablagʻni ikki transhga ajratdi: Zeev Ventures boshchiligidagi Series A-1 aksiyadorlik raundidan $29 mln va Twelveʼdan oʻsishni moliyalashtirish uchun $35 mln aksiyalarni suyultirmaydigan mablagʻ. Bitimdan keyingi Spines bahosi oshkor qilinmadi.
Spines gibrid nashriyot sifatida ishlaydi: mualliflar kitob chiqarish uchun haq toʻlaydi, ammo anʼanaviy nashriyot bilan ishlagandagidan koʻproq nazoratni saqlaydi va yuqoriroq royalti ulushini oladi. Platforma qoʻlyozmani tahrirlash, maket va metamaʼlumot tayyorlash, muqova yaratish, elektron va bosma nusxalar tayyorlash hamda kitobni 100 dan ortiq kanal orqali tarqatishga yordam beradi. Shuningdek, u tarjima, audiokitob chiqarish, marketing va royalti toʻlovlarini kuzatishni qoʻllab-quvvatlaydi.
Nivning soʻzlariga koʻra, yangi SI xizmatlari kompaniyaga yillik daromad surʼatini $50 mln ga yetkazishga yordam bergan. Mualliflar sof royaltining 80 foizini saqlaydi, toʻlov hisobotlarini esa har oy oladi. Niv, shuningdek, Spines faqat odamlar toʻliq yozgan kitoblarni nashr etishi va SI yordamida yaratilgan qoʻlyozmalarni aniqlash uchun dasturiy taʼminotdan foydalanishini aytdi.
Kompaniya oʻsishni moliyalashtirish mablagʻini biznesni kengaytirishga, aksiyadorlik raundi mablagʻini esa mahsulotni rivojlantirish va AQShdan tashqaridagi ingliz tilidagi bozorlarga chiqishga yoʻnaltiradi. Spines AQShdagi yirik nashriyotlardan biri bilan ehtimoliy hamkorlik boʻyicha dastlabki muzokaralarni ham olib bormoqda.
SIʼdan foydalanish mualliflik huquqi sohasida savollar tugʻdirishi mumkin. AQSh sudlari va AQSh Mualliflik huquqi boʻyicha byurosi toʻliq SI tomonidan yaratilgan tasvirlarni mualliflik huquqi bilan himoya qilib boʻlmaydi, deb hisoblaydi. Nivning aytishicha, Spines tasvir yaratish vositalarini litsenziyalaydi va olingan litsenziyani mualliflarga beradi.





