WhiteMatter AI-agentlarni boshqa AI-agentlar orqali nazorat qilish uchun $20 mln jalb qildi
WhiteMatter Series A raundida alohida AI-agentlar korporativ AI-agentlar harakatini nazorat qiladigan tizim uchun $20 mln jalb qildi.

WhiteMatter har bir korporativ AI-agent uchun alohida «qoʻriqchi» yaratadi. U dastlabki agent fayllarga kira olishi, dasturlardan foydalanishi, qaror qabul qilishi yoki biror amalni ishga tushirishi mumkinmi-yoʻqmi, tekshiradi va keyin natijani kuzatib boradi.
Kompaniya tizimga navbatdagi AI-agentni qoʻshganda, yangi «qoʻriqchilar» avtomatik ravishda paydo boʻladi. Ular mijozlar tokenlaridan emas, WhiteMatterʼning oʻz modeli va startap GPUlarida ishlaydi. Toʻlov boshqarilayotgan agentlar sonini hisobga olgan holda belgilangan stavka boʻyicha hisoblanadi.
WhiteMatter asoschisi va bosh direktori Vidit Aroraning fikricha, mavjud korporativ vositalar AI-agentlar bilan ishlash uchun emas, odamlar bilan ishlash uchun yaratilgan. Uning soʻzlariga koʻra, kompaniyalar agentlar asosiy ijrochilarga aylanadigan modelga oʻtmoqda, shu bois ularning harakatlarini nazorat qilishga talab oshmoqda.
Startap mijozlari qatorida yirik kompaniyalarni, jumladan, aktivlarni boshqaruvchi Alter Domus kompaniyasini tilga oladi. WhiteMatter maʼlumotlariga koʻra, uning nazorati ostida 2,25 mln agent bor, tekshirilgan oʻzaro aloqalar soni esa 116 mlrd.dan oshgan. Arora biznes oʻsishini mijozlar yangi agentlarni ishga tushirishda davom etayotgani va ularga qoʻshimcha «qoʻriqchilar» kerakligi bilan izohlaydi.
Raundga Blumberg Capital boshchilik qildi; unda avvalgi investorlar Crew Capital va Sprout & Oak ham qatnashdi. Startap mablagʻlarning salmoqli qismini savdo va bozorga chiqish jamoalariga xodim yollash, shuningdek, tadqiqotlarni rivojlantirishga yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya keyingi 12 oyda jamoasi 50 foizga oʻsishini kutmoqda.





