AQSh hisoblash quvvatlariga masofaviy kirishni cheklashga tayyorlanmoqda
Donald Tramp maʼmuriyati vaqtincha qoida tayyorlamoqda: Xitoy va boshqa cheklovdagi davlatlar kompaniyalari quvvatdan foydalana olsa, data-markazlariga AI chiplar va serverlar yetkazish uchun litsenziya kerak.

AQSh Savdo vazirligi mamlakat tashqarisidagi maʼlumotlar markazlari va tarmoqlariga eksport nazoratini kengaytiruvchi vaqtinchalik qoidani tayyorladi. AI chiplar va serverlarni eksport qilish, reeksport qilish yoki uzatish uchun, agar ular Xitoy yoki D:5 guruhiga kiruvchi boshqa davlatlar kompaniyalariga hisoblash quvvatini taqdim etishi mumkin boʻlsa, litsenziya talab etiladi. Bu guruhga Rossiya, Eron, Shimoliy Koreya va yana 18 davlat ham kiradi.
Cheklovlar umumiy unumdorligi 12 mln TPPdan — AQShning hisoblash quvvati koʻrsatkichidan — oshadigan maʼlumotlar markazlari va tarmoqlariga taalluqli boʻladi. Hujjatdagi bahoga koʻra, bu taxminan 750 ta Nvidia H100 yoki H200 chipining quvvatiga teng. Qoida vositachilar yoki brokerlar orqali kirishga ham tatbiq etiladi. Eksportchilar va maʼlumotlar markazlari operatorlari D:5 guruhidagi davlatlar bilan aloqani istisno qilish uchun mulkchilik tuzilmasi hamda mijozlar faoliyatini kuzatib borishi kerak boʻladi.
Malayziya, Singapur, Indoneziya, Tailand va Braziliyaga ilgʻor yarimoʻtkazgichlar yetkazib berish uchun alohida litsenziyalash talablari joriy etiladi: AQSh Savdo vazirligi bu yoʻnalishlarda mahsulotlarning boshqa manzilga yoʻnaltirilishi xavfi bor deb hisoblaydi. Cheklov AQShda roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalar uchun moʻljallangan chiplarni qamrab olmaydi. Ishlayotgan maʼlumotlar markazlari operatorlariga qoida kuchga kirgan paytdan boshlab litsenziya olish uchun 90 kun beriladi.
Qoida, masalan, elektron savdo va ijtimoiy tarmoqlarda ishlatiladigan tijoriy tavsiya tizimlariga taalluqli emas. Shu bilan birga, hujjatda Jo Bayden maʼmuriyatining 2025-yil yanvarida eʼlon qilingan AI Diffusion Rule qoidasini bekor qilish koʻzda tutilgan. Ushbu rejim ilgʻor AI chiplarini eksport qilishga mamlakatlar boʻyicha limitlar oʻrnatgan va ayrim kuchli modellarni uzatishni cheklagan.





