Gemini xarajatlarni tahlil qilish uchun Google Walletʼga kira oladi
Funksiya Geminiʼga xarajatlarni tahlil qilish, muntazam toʻlovlarni topish va byudjet tuzishda yordam berish imkonini beradi. U AQShda Android, iOS va web-versiyada mavjud.

Google Gemini integratsiyalashadigan xizmatlar roʻyxatiga Google Walletʼni qoʻshdi. Ulangach, yordamchi xarajatlar tarixini oʻrganishi, muntazam toʻlovlarni aniqlashi va narxi oshgan obunalarni koʻrsatishi mumkin.
Funksiyadan foydalanish uchun Personal Intelligence sozlamalarida Google Walletʼni yoqish va Geminiʼga @Google Walletʼni tilga olib murojaat qilish kerak. Foydalanuvchi undan oʻtgan chorakdagi xarajatlarni taqqoslash yoki keyingi 3 oyda $1000 tejash rejasini tuzishni soʻrashi mumkin. Yordamchi mablagʻlar harakati, aktivlar taqsimoti va byudjetning dinamik grafiklarini ham tuzadi.
Kengaytirilgan tahlil uchun Google Walletʼni Plaid orqali bank hisoblari va kredit kartalariga ulashni taklif qiladi. Shunda Gemini ulangan manbalardagi tranzaksiyalarni ham hisobga oladi — masalan, oʻtgan yil sovgʻalar va sayohatlarga sarflangan mablagʻni baholaydi hamda boʻlajak bayramlar uchun byudjet taklif qiladi.
Yordamchining imkoniyatlari maʼlumotlarni faqat oʻqish bilan cheklangan: Gemini pul oʻtkaza, hisoblarni boshqara yoki mablagʻlarni investitsiya qila olmaydi. Ulanish ixtiyoriy, uni istalgan paytda oʻchirib qoʻyish mumkin.
Personal Intelligenceʼda Memory Summary boʻlimi ham paydo boʻldi. Unda Gemini javoblarni shaxsiylashtirish uchun foydalanadigan foydalanuvchining afzalliklari, qiziqishlari va maqsadlari haqidagi maʼlumotlarni koʻrish, tahrirlash va oʻchirish mumkin.





