Ladybird — koʻp yillardan beri yaratilgan ilk yangi brauzer dvigateli — testga chiqdi
Mustaqil Ladybird brauzeri toʻrt yildan koʻproq ishlab chiqilgach, macOS va Linuxʼda alfa-testga oʻtdi. Versiya hozircha ayrim saytlarni ochmaydi.

Ladybird noldan yaratilgan mutlaqo yangi dvigatelga ega, koʻp yillardan beri paydo boʻlgan ilk brauzer boʻldi. Loyiha ishlab chiquvchisi Andrey Kling alfa-versiya chiqarilganini eʼlon qildi. Brauzer macOS va Linuxʼda test uchun mavjud, biroq hozircha barcha saytlar bilan ishlamaydi.
Bugun mashhur brauzerlarning aksariyati uchta dvigateldan biri — Gecko, Blink yoki WebKitʼdan foydalanadi. Gecko Mozilla Firefoxʼda, WebKit Safariʼda qoʻllanadi, Blink esa Google Chrome, Microsoft Edge va Operaʼning asosini tashkil etadi. Ladybird Google Chrome dvigatelidan foydalanmaydi, balki mustaqil loyiha sifatida rivojlantirilmoqda.
Ishlab chiqishni notijorat tashkilot qoʻllab-quvvatlamoqda. Uning maqsadi foydalanuvchilar maxfiyligini hurmat qiladigan, tezkor va xavfsiz hamda ochiq internet rivojiga xizmat qiladigan brauzer yaratishdir. Dastlab loyiha C++ tilida yaratilgan, keyin esa ishlab chiquvchilar sunʼiy intellekt yordamida kodni Rustʼga koʻchira boshlashgan.
Kling joriy yigʻilmani «kamtarona, ammo funksional» deb atadi va alfa-versiyada ayrim saytlar ishlamasligidan ogohlantirdi. Windows uchun versiyani loyihaning keyingi bosqichida chiqarish rejalashtirilgan.





