Intel 18A-P texnologik jarayoni boʻyicha chiplar ishlab chiqarish uchun birinchi tashqi buyurtmachi bilan kelishuv imzoladi
Intel 18A texnologiyasi boʻyicha chiplar ishlab chiqarish uchun birinchi tashqi mijoz bilan kelishuv imzoladi, biroq uning nomini oshkor qilmadi. Buyurtmachi takomillashtirilgan 18A-P versiyasini tanladi.

Bu haqda Intel bosh direktori Lip-Bu Tan maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, 18A texnologiyasi asosida ishlab chiqarish allaqachon yoʻlga qoʻyilgan, biroq mijoz nomi aytilmagan. Intel texnik direktori Pushkar Ranade buyurtmachi 18A-P versiyasini tanlaganini, bu versiya boʻyicha sinov ishlab chiqarishi iyun oyida boshlanganini aniqlashtirdi.
Avvalroq Intelning Apple bilan ehtimoliy kelishuvi haqida xabarlar paydo boʻlgan edi. Shuningdek, buyurtmachi Nvidia yoki yirik bulutli xizmat koʻrsatuvchi provayderlardan biri boʻlishi mumkinligi haqida taxminlar bildirilgan. Amazon, Microsoft va Google oʻzlarining sunʼiy intellekt tezlatkichlarini TSMC ishlab chiqarish quvvatlarida chiqaradi, u yerda buyurtmalar sonining koʻpligi sababli ishlab chiqarish resurslari tanqisligi kuzatilmoqda.
Intel muvaffaqiyatsizliklar va yaroqli kristallar chiqishi bilan bogʻliq muammolardan soʻng kontrakt asosidagi ishlab chiqarishni rivojlantirishga besh yildan beri urinmoqda. Hozirgacha boʻlinma asosan kompaniyaning oʻzi uchun chiplar ishlab chiqargan. Tanning prognoziga koʻra, server protsessorlarining jahon bozori yaqin besh yil ichida besh baravar oʻsib, $200 mlrdga yetadi, biroq Intel hozircha mijozlar talabini qondira olmayapti. Chiplarni ilgʻor qadoqlash sohasida esa kompaniyaning birinchi buyurtmachisi Microsoft boʻldi.





