Koreyaning Hanseo universiteti Oʻzbekistonda dron va samolyot taʼmiri mutaxassislarini oʻqitmoqchi
Migratsiya agentligi va Hanseo Oʻzbekistonda mutaxassislar tayyorlashga kelishdi; bitiruvchilarga hamkor kompaniyalardan ish topishda yordam beriladi.

Tayyorgarlik texnik va raqamli yoʻnalishlarni qamrab oladi: havo kemalaridan foydalanish va ularni taʼmirlash, uchuvchisiz texnologiyalar, sunʼiy intellekt, dasturlar yaratish hamda logistika.
Oʻquv rejasiga koreys tili va mehnat xavfsizligi asoslari kiritiladi. Hanseo universiteti oʻquv materiallarini tayyorlaydi, oʻqituvchilarni taklif etadi va mashgʻulotlarni zarur jihozlar bilan taʼminlaydi.
Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga universitet hamkor kompaniya va tashkilotlarda ishga joylashishda koʻmaklashadi. Migratsiya agentligi fuqarolarga dasturlar haqida maʼlumot beradi, nomzodlarga ariza topshirishda yordam koʻrsatadi va ikki davlatning tegishli tuzilmalari ishini muvofiqlashtiradi.





