«Yandex» taqiladigan sunʼiy intellekt qurilmasi — «Yandex Pin»ni namoyish etdi
«Yandex» suhbatlarni yozib olish va tahlil qilishga moʻljallangan qurilmani taqdim etdi. «Pin» uchrashuvlarni matnga aylantiradi, vazifalarni ajratib koʻrsatadi va ishlarni sunʼiy intellekt agentiga topshirish imkonini beradi.

«Yandex Pin» 2026-yil oxirigacha sotuvga chiqariladi va uning narxi taxminan 250 AQSh dollarini tashkil etadi. Qurilmani boʻyinga taqish yoki kiyimga mahkamlash mumkin: u suhbatlarni yozib oladi, ularni matnga aylantiradi va «Alisa AI» ilovasi orqali uchrashuvlar yakunlari, kelishuvlar hamda hal etilmagan masalalarni koʻrsatadi.
«Pin» vazifalarni ham ajratib koʻrsatadi, ularni ishlar roʻyxatiga qoʻshadi va muddatlar haqida eslatadi. Yozuvlar asosida savollar berish, ovozli topshiriqlarni esa «Harakat qil!» sunʼiy intellekt agentiga yuborish mumkin. Masalan, u stenogrammalardagi tafsilotlardan foydalanib, shartnoma loyihasini tayyorlashi yoki chiptalarni topishi va natijani chatga yuborishi mumkin.
Qurilma quvvati 24 soat ishlashga, ichki xotirasi esa 32 soatlik yozuvga yetadi. Xariddan soʻng barcha funksiyalar va 10 soatlik yozuvdan foydalanish mumkin.
Yozuv tugma orqali ishga tushiriladi, qurilma ishlayotgan paytda esa indikator yonib turadi. Maʼlumotlar shifrlangan koʻrinishda saqlanadi va akkauntga bogʻlanadi; qurilma boshqa birovning akkauntiga ulanganda, saqlangan yozuvlar oʻchiriladi. «Yandex» kompaniyasi yozuvlardan reklama va tavsiyalarni shaxsiylashtirish uchun foydalanilmasligi hamda ular boshqa xizmatlarga berilmasligini maʼlum qildi.
Yana oʻqing

Konsollar narxi yaqin orada pasaymasligining 3 sababi
Gadjetlar26-noyabr, 17:50
Samsung Galaxy Z TriFold2’ning kod nomi va qayerlarda sotuvga chiqishi haqidagi maʼlumotlar sizib chiqdi
Gadjetlar26-noyabr, 17:41


