Nega Macʼni daxlsiz deb boʻlmaydi: tajovuzkorlar macOS himoyasini qanday chetlab oʻtadi
macOSʼning ichki mexanizmlari kompyuterga zararli dastur yuqtirishni qiyinlashtiradi va tizim fayllarini himoya qiladi, biroq parollar, hujjatlar hamda korporativ servislaridan foydalanish huquqining oʻgʻirlanishiga toʻsqinlik qila olmaydi. Hujum uchun tajovuzkorlarga baʼzan soxta oʻrnatuvchi dastur, zararlangan kutubxona yoki foydalanuvchining terminalda oʻzi ishga tushiradigan buyrugʻining oʻzi kifoya qiladi.

Mac himoyasi Secure Enclave, xavfsiz yuklanish, ilovalar, tizim fayllari va ruxsatlar ustidan nazoratni oʻz ichiga oladi. Biroq bu mexanizmlar turli vazifalarni bajaradi: brauzer cookie-fayllari va sessiya tokenlari Secure Enclaveʼdan tashqarida saqlanadi va zararli dastur tomonidan oʻgʻirlanishi mumkin.
Asosiy tahdidlardan biri — infostealerlar. Atomic Stealer, Poseidon, MacSync va boshqa dasturlar oʻzini ilovalar, oʻrnatuvchi dasturlar yoki buyruqlar satri uchun koʻrsatmalar sifatida koʻrsatadi. Ular parollar, SSH kalitlari, hujjatlar va faol sessiyalar maʼlumotlarini oʻgʻirlaydi, ayrim hollarda esa foydalanuvchini aldab, uning parolini qoʻlga kiritadi.
Dasturchilar ham xavf ostida: zararli paket Macʼga npm, pip, Homebrew yoki yigʻish skripti orqali kirib, CI/CD tokenlari, bulutli kalitlar va ichki repozitoriylarga kirish imkonini qoʻlga kiritishi mumkin. 2026-yil 31-mart kuni tajovuzkorlar axiosʼning zararli versiyalarini eʼlon qilib, macOS, Windows va Linuxʼdagi taʼminot zanjirini zararladi. package-lock.json fayli bogʻliqliklar versiyalarini qayd etadi, biroq ularning xavfsizligini tekshirmaydi.
2023-yilda Apple Silicon uchun LockBit yigʻilmalari paydo boʻldi, biroq tadqiqotchilar ularni keng koʻlamli kampaniya uchun hali yetarlicha pishmagan deb baholadi. Shunga qaramay, kompaniyalar umumiy fayllar, zaxira nusxalar va korporativ hisoblarni himoya qilishi kerak.





