Yangi GeForce drayveri qora ekranlarga sabab boʻlmoqda
GeForce Game Ready 621.40 oʻrnatilganidan soʻng RTX 50 egalari qora ekranlar, signal yoʻqolishi va tashqi monitorlardagi nosozliklar haqida xabar bermoqda. Yangilanish SSDʼga maʼlumot yozish bilan bogʻliq muammoni tuzatishi kerak edi.

Nosozliklar DisplayPort, HDMI va USB-C ulanishlariga taalluqli. Ayrim foydalanuvchilarda monitor ulanganda aniqlanmaydi yoki uyqu rejimidan chiqmaydi. RTX 50 egalaridan biri tashqi ekran taxminan holatlarning yarmida paydo boʻlishini aytdi — tasvirni qayta tiklash uchun kabelni uzib, yana ulash yoki kompyuterni qayta ishga tushirishga toʻgʻri keladi.
Muammolar bir nechta monitor ulangan tizimlarda ham kuzatilmoqda. DisplayPort — HDMI adapterlari orqali ulangan qoʻshimcha ekranlarda foydalanuvchilar rangli artefaktlarning qisqa chaqnashlarini payqamoqda. Ular videokarta bekor turish rejimida videoxotira chastotasini pasaytirganda paydo boʻladi. Shunga oʻxshash, ammo kamroq uchraydigan nosozliklar 621.14 va 621.24 drayverlarida ham qayd etilgan.
Foydalanuvchilar 621.40 versiyasidan voz kechib, GeForce Game Ready 617.42 ni oʻrnatishni tavsiya qilmoqda. Nashr mualliflari SSD va qora ekranlar bilan bogʻliq muammolar nuqtayi nazaridan ushbu versiyani RTX 40 va RTX 50 uchun eng barqaror deb hisoblaydi. Drayverni oʻchirish uchun Windowsʼni xavfsiz rejimda ishga tushirib, Display Driver Uninstaller dasturidan foydalanish tavsiya etiladi.





